Toshkentda yerusti metro bekatining tomi qulab tushdi, ikki yo‘lovchi jarohatlandi
Hozirda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Toshkent metrosining “Yer usti halqa” yo‘nalishidagi “Turon” metro bekatida tom konstruksiyasining bir qismi siljib tushgani sababli poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi.
“Toshkent metropoliteni” DUK ma’lum qilishicha, hodisa 16-iyul kuni soat 14:34 da sodir bo‘lgan.
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida mazkur bekatda metro poyezdlari qatnovi zudlik bilan vaqtincha to‘xtatilgan. Hozirda mutaxassislar tomonidan texnik o‘rganish ishlari olib borilmoqda hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Ularga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Qipchoq” va “Quruvchilar” metro bekatlari oralig‘ida bepul metrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.








