Soliq imtiyozlarini olishning elektron tartibi joriy etildi
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha murojaatlari 2 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Hukumatning 2026-yil 16-iyuldagi 389-son qarori bilan jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun elektron murojaat yuborish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi ma’muriy reglamentga muvofiq, fuqarolar soliq imtiyozlarini olish uchun Elektron soliq xizmatlari portali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron murojaat yuborishi mumkin.
Murojaat soliq organi tomonidan mavjud ma’lumotlar asosida 2 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng soliq imtiyozini qo‘llash yoki rad etish bo‘yicha xulosa rasmiylashtiriladi.
Qabul qilingan qaror 1 ish kuni ichida murojaatchining Elektron soliq xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga yoki my.gov.uz portali orqali yuboriladi.
Agar murojaat rad etilsa, fuqaro rad etish sabablari bartaraf etilgach, qayta murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday murojaatlar ham belgilangan tartib asosida qayta ko‘rib chiqiladi.








