O'zbekiston

“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Siddiqovning ishi sudga oshirildi

Sudlanuvchilarga talon-toroj, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa qator moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Siddiqovning ishi sudga oshirildi

“O‘zbekneftgaz” AJ sobiq boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov va yana sakkiz nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi.

 

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ish yurituviga kelib tushgan.

 

Ish doirasida jami 9 nafar sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

 

Sudlanuvchilarning 5 nafariga qamoq, 4 nafariga esa garov ehtiyot chorasi qo‘llangan.

 

Ma’lumot uchun, Bahodir Siddiqov 2023-yil martidan 2025-yil dekabrigacha “O‘zbekneftgaz” AJga rahbarlik qilgan. U lavozimidan boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ozod etilgani ma’lum qilingan edi.

 

Shuningdek, 2026-yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida o‘tkazilgan taftishlar davomida milliardlab so‘mlik talon-toroj holatlari aniqlanganini bildirgan edi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"