Navoiyda shaxsiy foto va videolarni tarqatish bilan ayolni shantaj qilgan yigit ushlandi
U shaxsiy ma’lumotlarni tarqatmaslik evaziga ayoldan 10 mln so‘m talab qilgan.

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida ayolning shaxsiy foto va videolarini oshkor qilish bilan tahdid qilib pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida Zarafshon shahar Ichki ishlar bo‘limi tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan tovlamachilik bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Aniqlanishicha, 2005-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan ayolning shaxsiy foto va videolari hamda sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib, ularni tarqatmaslik evaziga 10 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan 10 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.








