Yangi Andijonda 300 million dollarlik qurilish loyihasi boshlanadi
O‘zbekistonning "Sanderson City" MCHJ va Janubiy Koreyaning "U&K Global" kompaniyasi investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

O‘zbekistonning “Sanderson City” MCHJ rahbari Bobirbek Sohibov va Janubiy Koreyaning “U&K Global” kompaniyasi rahbari Lim Sang Xva Yangi Andijon hududida zamonaviy istirohat bog‘i, akvapark va yirik turar-joy majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya kelishuvini imzoladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati 300 million AQSH dollarini tashkil etib, uni ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqich doirasida 45 million AQSH dollari investitsiya hisobidan Yangi Andijonda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy istirohat bog‘i, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan suv attraksionlari va turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun dam olish hududlarini o‘z ichiga olgan akvapark barpo etiladi. Mazkur obyektlarni 2028-yil 21-mart — Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi Andijon viloyatining turistik jozibadorligini oshirish, ichki va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, aholi uchun yangi dam olish maskanlarini yaratish hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ikkinchi bosqichda esa umumiy maydoni 750 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy turar-joy majmuasi qurilishi rejalashtirilgan. Loyihada zamonaviy shaharsozlik tamoyillari, qulaylik, xavfsizlik va yashash muhitining yuqori sifatiga alohida e’tibor qaratilib, aholining kundalik ehtiyojlariga xizmat qiluvchi zarur ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini barpo etish ham nazarda tutilgan.








