Kottejni o‘z nomiga o'tqizib, qolgan 36 ming dollarni bermagan aka-uka ushlandi
Ular uyni 66 ming dollarga sotib olishga kelishib, dastlab 30 ming dollar to‘lagan va qolgan pulni berishdan bosh tortib, uy egasiga tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitgan.

Toshkent shahrida kottej savdosi bilan bog‘liq tovlamachilik holati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs hamda uning 1988-yilda tug‘ilgan ukasi o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaro tomonidan Toshkent tumanida qurilgan kottejni 66 ming AQSH dollariga sotib olishga kelishgan.
Ular dastlab uy egasiga 30 ming AQSH dollari to‘lab, qolgan 36 ming dollarni olti oy ichida berishga va’da qilgan. Shundan so‘ng, 2022-yil may oyida kottejni 1976-yilda tug‘ilgan akasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib olgan.
Biroq keyinchalik aka-uka qolgan 36 ming AQSH dollarini to‘lashdan bosh tortib, uy egasi pulni talab qilgan taqdirda unga nisbatan tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








