Urganch aeroportidan Xivaga qatnov vaqti 40 daqiqagacha qisqaradi
Davlat rahbari yangi elektropoyezdda Xiva shahriga keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi hamda zamonaviy jamoat transporti loyihalari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini rivojlantirish, turli transport turlarini o‘zaro integratsiya qilish va aholi hamda sayyohlar uchun qulay qatnov tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorazmda amalga oshirilayotgan yangi loyiha ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Qiymati 225 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi 11 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi qurildi. Yo‘nalishda yangi bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar hamda 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Mazkur liniya orqali yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijiy sayyohni tashish imkoniyati yaratiladi. Xiva va Urganch o‘rtasidagi qatnov vaqti esa 80 daqiqadan 40 daqiqagacha qisqaradi. Loyiha doirasida 30 ga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratilgan.
E’tiborlisi, aeroportni temir yo‘l bilan bevosita bog‘laydigan bunday loyiha O‘zbekistonda birinchi marta amalga oshirildi.
Urganch xalqaro aeroporti–Xiva yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Olti vagondan iborat poyezd bir vaqtning o‘zida qariyb 400 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘lib, soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi.
Elektropoyezd vagonlarida VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, elektron qurilmalarni quvvatlash moslamalari, zamonaviy konditsioner va isitish tizimlari mavjud. Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari yangi elektropoyezdda Xiva shahriga keldi.
Shuningdek, Prezident aeroport va Xiva o‘rtasidagi yo‘nalishda qatnovga chiqariladigan 10 ta yangi trolleybusni ham ko‘zdan kechirdi. Xitoydan olib kelingan ushbu transport vositalari zamonaviy avtonom harakatlanish tizimiga ega bo‘lib, elektr tarmog‘iga ulanmagan holda 100 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi.
Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va bolali yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar, USB va Type-C portlari, ichki va tashqi videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Trolleybuslar, shuningdek, haydovchi holatini kuzatish, harakat yo‘lagidan chiqib ketish haqida ogohlantirish va avtomatik yong‘in o‘chirish kabi zamonaviy xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan.
Ushbu transport vositalarini Xorazmga olib kelish tashabbusi Prezidentning o‘tgan yilgi viloyatga tashrifi davomida ilgari surilgan edi.
Davlatimiz rahbari transport turlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish aholi va sayyohlar uchun qulayliklarni oshirishi, qatnov vaqtini qisqartirishi hamda hududning turistik jozibadorligini kuchaytirishini ta’kidladi.
Mutasaddilarga yangi yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xavfsiz, qulay va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.








