Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va TDYU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Hujjat inson huquqlari, yuridik ta’lim, ilmiy-tadqiqotlar va yosh huquqshunoslar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.

21-avgust kuni Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Memorandumni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, professor Baxshillo Xodjayev imzoladi.

Tadbirda Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning nazariy va amaliy ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mazkur memorandum ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, yuridik ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, milliy va xalqaro ilg‘or tajribani o‘rganish hamda yosh huquqshunoslarning kasbiy salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Memorandum doirasida inson huquqlari sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, konferensiya, seminar, davra suhbatlari va treninglar tashkil etish, shuningdek, ekspertlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, talabalar uchun inson huquqlari sohasidagi amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish, ilmiy va ta’limiy kontentni takomillashtirish, zamonaviy o‘qitish metodikalarini joriy etish hamda milliy qonunchilikni xalqaro standartlar bilan uyg‘un holda o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.

Hamkorlik doirasida Milliy markazning inson huquqlari sohasidagi ilmiy-ekspertlik salohiyati hamda Toshkent davlat yuridik universitetining ta’lim, ilm-fan va yosh mutaxassislarni tayyorlash borasidagi imkoniyatlari o‘zaro uyg‘unlashtiriladi.

Tomonlar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro mexanizmlari, huquqiy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik hamkorlik hamda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishlarida tajriba va axborot almashinuvini rivojlantirishga kelishib oldilar.








