Kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorlariga menejerlik sertifikati berish tartibi belgilandi
Yangi tartibga ko‘ra, menejerlik sertifikatiga ega texnikum direktorlari va direktor o‘rinbosarlarining lavozim maoshiga mos ravishda 50 va 30 foiz miqdorida har oylik ustama belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-avgustdagi 451-son qarori bilan kasbiy ta’lim tashkilotlari direktor va direktor o‘rinbosarlarini menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga sertifikat berish tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan texnikum direktorlariga lavozim maoshining 50 foizi, direktor o‘rinbosarlariga esa 30 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Menejerlik sertifikatini olish uchun texnikum direktorlari va direktor o‘rinbosarlari maxsus portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘quv kursida qatnashish uchun ariza topshiradi. Ta’lim jarayoni tasdiqlangan reja-grafik asosida tashkil etiladi.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilar yakuniy sinovdan o‘tkaziladi. Sinovda ijobiy natija qayd etganlarga natijalar e’lon qilingan kundan boshlab bir hafta ichida davlat namunasidagi menejerlik sertifikati beriladi. Sertifikat elektron shaklda rasmiylashtirilib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi va QR-kod bilan ta’minlanadi.
Ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega direktor va direktor o‘rinbosarlariga esa sertifikat ariza asosida o‘quv kursida qatnashmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri uch yil muddatga beriladi.
Qaror bilan kasbiy ta’lim tizimining boshqaruv va pedagog kadrlarini malaka oshirish hamda qayta tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi ham belgilandi. Xodimlarning xorijiy ta’lim tashkilotlari va ilmiy muassasalarda malaka oshirishi hamda stajirovka o‘tashi uchun sharoit yaratish ham nazarda tutilgan.








