Surxondaryoda 3 kg ga yaqin giyohvandlik vositalari musodara qilindi
Afg‘oniston fuqarosi “opiy”ni “jonli konteyner” orqali olib kirgani aniqlandi.

Surxondaryo viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 3 kilogrammga yaqin “opiy” va “gashish” moddalari ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Xususan, Denov tumanida yashovchi, 1980-yilda tug‘ilgan, avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, sotish maqsadida saqlab kelingan 1 kg 7 gramm “opiy” va 998 gramm “gashish” moddasi aniqlangan.
Tumandagi yana bir holatda 1986 va 1966-yillarda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan ikki fuqaro 491 gramm “gashish” moddasini shartli xaridorga 85 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Termiz shahrida 2003-yilda tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi “Termiz xalqaro savdo markazi” hududida 506 gramm “opiy” moddasini shartli xaridorga 2 500 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur fuqaro giyohvandlik vositasini qo‘shni davlatdan yashirin olib kirishda o‘z ichki organidan “jonli konteyner” sifatida foydalangan.
Hozirda ushbu holatlarning barchasi yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








