Taniqli qilichboz va MOQ sobiq raisi Sobir Ro‘ziyev vafot etdi
U jahon chempionatlarida 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston qilichbozligi rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli sportchi, Moskva-1980 yozgi Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining sobiq raisi Sobir Ro‘ziyev 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sobir Ro‘ziyev sportchilik faoliyati davomida jahon chempionatlarida 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan.
U O‘zbekiston qilichbozligi tarixida munosib iz qoldirgan sportchilardan biri bo‘lib, mamlakatda ushbu sport turining rivojiga katta hissa qo‘shgan. Marhumga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni berilgan.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Sobir Ro‘ziyevning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.








