Toshkentda yo‘lni to‘sib qo‘yish ortidan janjal kelib chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar o‘rtasida yo‘l ustida yuzaga kelgan mojaro aks etgan videolar tarqalib, jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Holat yuzasidan o‘rganish olib borilib, mojaro ishtirokchilaridan biri voqea tafsilotlari haqida tushuntirish berdi. Uning aytishicha, yo‘lning sement tashuvchi maxsus texnika tomonidan to‘sib qo‘yilgani sababli haydovchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Mojaro davomida uning turmush o‘rtog‘iga nisbatan qo‘pol va haqoratli so‘zlar ishlatilgani, shundan so‘ng jahli chiqib, boshqa fuqaroga shapaloq urgani ma’lum qilingan.
U o‘z xatti-harakatidan pushaymon ekanini bildirib, mojaro uchun jabrlangan fuqaro, yurtdoshlardan uzr so‘ragan.
Shuningdek, mojaro aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasiga joylashtirganini, biroq uning keng tarqalib, shov-shuvga aylanishini istamaganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi asosida tegishli hujjatlar sudga taqdim etilgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha sud tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.








