O‘zbekiston va Ozarbayjon Birinchi xonimlari “Oxun Guzar” shourumiga tashrif buyurdilar
Mehmonlarga kelin sarposi, so‘zana, “kelin salom”, “beshik to‘yi” va boshqa milliy an’analar namoyish etildi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Ozarbayjon Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva poytaxtdagi “Oxun Guzar” shourumiga tashrif buyurib, o‘zbek hunarmandchiligi an’analarini zamonaviy talqinda davom ettirayotgan mahalliy brendlar faoliyati bilan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlarga milliy naqshlar, an’anaviy hunarmandchilik namunalari hamda o‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniy qadriyatlarini aks ettiruvchi mahalliy usta va dizaynerlar mahsulotlari namoyish etildi.
Madaniy dastur doirasida o‘zbek xalqining oilaviy marosimlari va urf-odatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, kelin sarposini tayyorlash, so‘zana tikish, to‘y marosimlari, kelinni kuyov xonadoniga kuzatish, “kelin salom”, “beshik to‘yi” kabi an’analar namoyish etildi. Shuningdek, o‘zbekona ona allasi ijro etildi.
Dastur davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining milliy urf-odatlari va qadriyatlaridagi mushtarak jihatlar ham namoyon bo‘ldi. Xususan, har ikki xalq hayotida oila va oilaviy qadriyatlar, kattalarga hurmat, farzand tarbiyasi, mehmondo‘stlik hamda milliy an’analarni asrab-avaylash muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.








