Sariosiyo–Termiz yo‘nalishidagi poyezd nega gavjum? “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” izoh berdi
ijtimoiy tarmoqlarda “Sariosiyo – Termiz” poyezdida yo‘lovchilar vagon yo‘laklarida to‘planib qolgani aks etgan videolar tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sariosiyo – Termiz” yo‘nalishida qatnovchi shaharlararo poyezdning yo‘lovchilar bilan gavjumligi aks etgan videolar tarqaldi. Videolarda yo‘lovchilarning vagon yo‘laklarida to‘planib qolgani ko‘rinadi.
Mazkur holat yuzasidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Sariosiyo – Termiz” yo‘nalishidagi poyezd 4 ta yo‘lovchi vagonidan iborat bo‘lib, jamoat transporti tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Ushbu yo‘nalishda chiptalar o‘rindiq raqami ko‘rsatilmagan holda, ya’ni joysiz sotiladi. Yo‘lovchilar bo‘sh o‘rinlarga joylashadi. Har bir vagon 81 nafar yo‘lovchini o‘tirgan holda tashishga mo‘ljallangan.
Korxona ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qatnov aholiga qulay va hamyonbop transport xizmatini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Yo‘nalishga talab yuqori bo‘lgani, ayniqsa, dam olish va bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimi keskin oshishi sababli ayrim qatnovlarda gavjumlik kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, poyezd vagonlarida yoz mavsumida sovutish, qish mavsumida esa isitish tizimlarining ishlashi ta’minlanishi ma’lum qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holat bo‘yicha mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yo‘lovchilarga yanada qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rilishi bildirildi.








