Andijonda umumiy ovqatlanish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi
Hozirda hodisa sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.

Andijondagi oziq-ovqat xizmati ko'rsatish shoxobchasida katta yong'in sodir bo'ldi.
Viloyat FVB ma'lum qilishicha, 25-avgust kuni soat 14:42 da Andijon shahri Boburshoh ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida yong‘in yuzaga kelgani haqida 112 tizimi orqali viloyat FVBga xabar berilgan.
Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 14:48 da yetib kelib, yong‘inni 14:58 da to‘liq o‘chirgan.
Yong‘in oqibatida shoxobchaning shift va tom qismi zarar ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan binoning 500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.








