AQSh Eron bilan aloqador 60 dan ortiq tashkilot, shaxs va kemaga sanksiya joriy qildi
Vashingtonning maqsadi Eronni xalqaro miqyosda yanada yakkalash va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining moliyalashtirish manbalarini cheklashdan iborat.

AQSh Eron bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni davom ettirayotgan tashkilotlar va davlatlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni kengaytirishni boshladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSh Moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, Eron bilan bog‘liq 60 dan ortiq tashkilot, jismoniy shaxs va kemaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilmoqda.
Bessentning ta’kidlashicha, Vashingtonning maqsadi Eronni xalqaro miqyosda yanada yakkalash va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining moliyalashtirish manbalarini cheklashdan iborat.
Uning qayd etishicha, Eron uchun pul yuvishda ishtirok etgan tashkilotlar AQSh dollaridagi moliyaviy tizimdan chiqarib tashlanishi mumkin.
AQSh moliya vaziri, shuningdek, Prezident Donald Tramp dunyo yetakchilari bilan bog‘lanib, ularni Eron bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirayotganini ma’lum qildi. Bessent qaysi davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar olib borilayotganiga aniqlik kiritmagan.
Reuters manbasiga ko‘ra, yangi choralar Eron bilan biznes aloqalarini saqlab qolayotgan davlatlar uchun ogohlantirish sifatida ko‘rilmoqda. Bu AQShning Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirish siyosatining bir qismi hisoblanadi.
Avvalroq Donald Tramp Eron iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar “katta iqtisodiy oqibatlar”ga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.








