“Milliy manfaatlarni himoya qilish, dunyodan yopilish degani emas” — Sherzod Asadov
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar” xalqaro media forumida zamonaviy jurnalistika, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi va milliy media masalalariga to‘xtaldi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida nutq so‘zladi.
U nutqi davomida zamonaviy jurnalistika oldidagi dolzarb vazifalar, axborot xavfsizligi, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, bugungi kunda axborot chegara bilmaydi. Voqealar haqidagi xabarlar qisqa vaqt ichida millionlab odamlarga yetib borayotgan bir paytda yolg‘on axborot, manipulyatsiya, feyk xabarlar va turli axborot xurujlari ham tez tarqalmoqda. Shu bois jurnalistikaning asosiy vazifalaridan biri ishonchli va xolis axborotni ta’minlashdan iborat.
Prezident matbuot kotibi sun’iy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham to‘xtalib, u jurnalistning o‘rnini bosmasligini, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytirishini qayd etdi.
«Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari o‘zgarmasligi kerak», — dedi Sherzod Asadov.
U zamonaviy jurnalistikadagi so‘z erkinligi masalasiga ham e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, ayrim hollarda so‘z erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Sherzod Asadov milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emasligini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu, avvalo, faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot o‘rnatishni anglatadi.
Shuningdek, jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligi qayd etildi. Jurnalist jamiyatdagi muammolarni ko‘tarishi, odamlarning dard-u tashvishlarini eshitishi hamda jamoatchilik ovozini davlat idoralariga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
Forum Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani ham alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Sherzod Asadov ushbu maskan xalqimizning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini dunyoga tanitishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Nutqda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi haqida ham so‘z yuritildi.
Prezident matbuot kotibi milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanib qolmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini ta’kidladi.








