O‘zbekistonda talabalar uchun “Dolzarb qirq kunlik” boshlandi
Mazkur davr davomida talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

O‘zbekistonda talabalarni 2026/2027-o‘quv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor hal etish maqsadida “Dolzarb qirq kunlik” e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbirlar 20-avgustdan 30-sentyabrgacha davom etadi.
Vazirning tegishli buyrug‘i bilan oliy ta’lim tashkilotlarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga to‘lov-kontrakt mablag‘larini shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda to‘lamaguniga qadar ham farmoyish asosida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishga ruxsat beriladi.
Yangi o‘quv yilida 1-bosqich talabalari uchun ularni tantanali kutib olish, “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, sentyabr oyida ta’lim tashkilotlarida “Yagona vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” o‘tkaziladi.
Mazkur darslar doirasida jadidlik harakati namoyandalari va qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, viktorinalar, ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalari tashkil etiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlari oldiga esa o‘quv binolari va talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish, o‘quv-uslubiy hujjatlar bilan ta’minlash va ta’lim jarayonini samarali tashkil etish vazifalari qo‘yilgan.








