“35 yil — tarix uchun juda qisqa davr, ammo asrga tatigulik davr bo‘ldi” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident ishtirokida davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir avvalida davlat rahbari yig‘ilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
Prezident o‘z nutqida mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan yutuq va natijalarga to‘xtaldi.
“35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar o‘zining ko‘lami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari mamlakat taraqqiyotida erishilayotgan natijalarning haqiqiy muallifi mehnatkash va olijanob O‘zbekiston xalqi ekanini ta’kidladi.
Mustaqillikning qadr-qimmati, avvalo, yurt ravnaqi uchun fidokorona mehnat qilayotgan insonlar faoliyatida namoyon bo‘layotgani qayd etildi. Xususan, qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan fermer va dehqonlar, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson salomatligi va hayotini asrayotgan shifokorlarning xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, ilm-fan rivojiga yangi g‘oya va kashfiyotlar bilan hissa qo‘shayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni ta’kidlandi.








