“Bu sizlarga yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirib, ularga kelgusi faoliyatida yangi kuch va ilhom tiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizning mehnati, fidoyiligi va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
Shu kunlarda hududlarda unvon, orden va medallarni tantanali ravishda qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarga ham davlat rahbari nomidan samimiy tabrik va ezgu tilaklar bildirildi.
Mukofotlanganlar safida mamlakatdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonga yirik investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni olib kirishga hissa qo‘shayotgan xorijlik hamkorlar ham borligi qayd etildi. Ularga mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi.
Marosim davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Marosim yakunida davlat rahbari mukofot sohiblariga murojaat qilib, ularning yuksak e’tirofi nafaqat bugungi mehnatiga berilgan baho, balki kelgusidagi faoliyati uchun ham katta rag‘bat ekanini ta’kidladi.
– Ko‘ksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi, deb ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari.








