Mo‘g‘uliston Prezidenti O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tashrif buyurdi
Uxnaagiyn Xurelsux O‘zbekistonda ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP17 konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Mo‘g‘uliston Prezidentiga O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Uxnaagiyn Xurelsuxga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamrohlik qildi.
Uchrashuv davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi ekologik hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti O‘zbekiston tomonidan ekologik muammolarni hal etish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, Uxnaagiyn Xurelsux ekologiya va iqlim masalalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.








