264 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi
Ularning 90 nafari Surxondaryoda istiqomat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat mustaqilligining 35 yilligi arafasida 264 nafar shaxsni O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi farmon imzolandi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida ma'lum qilindi.
Fuqarolikka qabul qilinganlar orasida uzoq yillar davomida O‘zbekistonda yashab kelgan, biroq fuqarolik maqomiga ega bo‘lmagan shaxslar ham bor.
Ular orasida Tojikistonda tug‘ilgan va 26 yildan buyon Toshkent viloyatida yashab kelayotgan Xursanoy Jumaboyeva hamda O‘zbekiston fuqaroligini 40 yil kutgan Robiya Qahhorova bor.
Fuqarolikni qo‘lga kiritgan Otabek Rasulov esa bu xabarni katta quvonch bilan kutib olganini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, fuqarolikka qabul qilingan 264 nafar shaxsning 90 nafari Surxondaryo viloyatida istiqomat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin 1991–2007-yillarda 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. 2007–2016-yillarda esa fuqarolikka qabul qilish holatlari qayd etilmagan.








