Olmaota – Toshkent xalqaro poyezdida “Ayollar uchun vagon” yo‘lga qo‘yiladi
Vagonlarga faqat ayollar va 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar hamrohi bilan chiqishi mumkin.

2026-yil 1-oktabrdan Olmaota – Toshkent yo‘nalishida qatnovchi xalqaro poyezdda “Ayollar uchun vagon” xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur xizmat Qozog‘iston temir yo‘llari tizimida xalqaro yo‘nalishda ilk bor joriy etilmoqda.
Qozog‘istonning “Yo‘lovchilar tashish” kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi vagon 1/2-raqamli Olmaota-2 – Toshkent xalqaro poyezdi tarkibida faoliyat yuritadi.
Ushbu vagonda chiptalar faqat ayollarga sotiladi. 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarga esa voyaga yetgan ayol hamrohligida safar qilishga ruxsat beriladi. Vagonga faqat ayol temir yo‘l xodimlari xizmat ko‘rsatadi.
Hozirda Olmaota – Toshkent poyezdi har kuni qatnaydi. Olmaota stansiyasidan poyezd soat 19:05 da jo‘nab, Toshkentga 12:53 da yetib keladi. Toshkentdan jo‘nash vaqti 14:41, Olmaotaga yetib kelish vaqti esa 08:51.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, “Ayollar uchun vagon” xizmati ichki yo‘nalishlarda ham talab yuqori bo‘lgan xizmatlardan biri hisoblanadi. "Ayollar uchun vagon" xizmati ishga tushirilganidan buyon, 946 mingdan ortiq yo'lovchi bu xizmatdan foydalangan.
Olmaota – Toshkent yo‘nalishida yangi vagon ishga tushirilgach, mazkur xizmat mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi.
“Ayollar uchun vagon”ga chiptalarni temir yo‘l kassalaridan yoki rasmiy onlayn tizim orqali xarid qilish mumkin. Chipta rasmiylashtirilayotganda “ЖН” belgisi aynan ayollar vagoniga tegishli o‘rinni bildiradi.
Chiptalar savdosi poyezd jo‘nashidan 45 kun oldin boshlanadi.








