Rossiyada qiyin vaziyatda qolgan O‘zbekiston fuqarosi uyiga qaytarildi
U yashash joyisiz qolib, ko'chalarda tunashga majbur bo'lgan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi Bosh konsulligi qiyin vaziyatda qolgan vatandoshga zarur yordam ko‘rsatib, uning O‘zbekistonga xavfsiz qaytishini ta’minladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi, Navoiy viloyatida tug‘ilgan O. V. bir necha kun davomida yashash joyisiz qolib, zarur sharoitlar yo‘qligi sababli tunlarni ko‘chada o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
Holat yuzasidan Bosh konsullikka murojaat kelib tushgan. Konsullik xodimlari murojaatni tezkorlik bilan ko‘rib chiqib, fuqaro bilan suhbat o‘tkazgan, uning shaxsi va vaziyat tafsilotlarini aniqlagan.
Shundan so‘ng diplomatlar O. V. ning yaqinlari bilan bog‘lanib, uning doimiy yashash joyiga xavfsiz qaytishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rgan.
Bosh konsullik ko‘magida vatandoshimiz Yekaterinburgdan Toshkentga samolyot orqali eson-omon yetib kelgan.








