O'zbekiston

Toshkentdagi oliygohlarda darslar 08:00 da boshlanadi

Tartib transport oqimini maqbullashtirish va tig‘iz vaqtlardagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan.

Toshkentdagi oliygohlarda darslar 08:00 da boshlanadi

 

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi smenadagi dars mashg‘ulotlari soat 08:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Mazkur tartib poytaxtdagi transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish hamda ta’lim jarayonini maqbul tashkil etishga qaratilgan.

 

Darslarning ertaroq boshlanishi talabalar va professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, o‘quv jarayonini kun davomida samarali tashkil etish hamda shahardagi transport oqimini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, yangi tartib kunduzgi va kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish va mashg‘ulotlardan tashqari o‘quv faoliyati uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

 

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar mazkur tartibni inobatga olishlari so‘raldi.

 

Ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni belgilangan vaqtda boshlash va o‘quv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

 

Tartib faqat Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi smenasidagi o‘quv mashg‘ulotlariga taalluqli.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"