Ajdodlarimiz jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai — Shavkat Mirziyoyev
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘lib o‘tdi.

28-avgust kuni Toshkent shahridagi Shahidlar xotirasi xiyobonida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar hamda ziyolilar ishtirokida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
Marosimda Vatan fidoyilari ruhiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi hamda elga osh tortildi. Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari xotirasi yodga olindi.
Shu yerda davlat rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqining 35 yildan buyon mustaqil va erkin yashayotganini ta’kidlab, istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasini e’zozlash muqaddas burch ekanini qayd etdi.
Davlat rahbari fidoyi ajdodlarning jasorati hech qachon unutilmasligi, ularning qahramonligi xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan qatag‘on qurbonlari muzeylarining fondlari ham noyob hujjat va fotosuratlar bilan to‘ldirilmoqda.
2021–2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda esa sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
Muloqot davomida o‘tgan asrning 80-yillarida minglab yurtdoshlarimiz “paxta ishi” va “o‘zbek ishi” kabi soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani ham qayd etildi. 1983–1990-yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilingan, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, jadid bobolarimizning ilmiy va ma’rifiy merosini o‘rganish, ularning nomlarini tiklash va faoliyatini keng targ‘ib etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilayotgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari bugungi kunda dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayayotgani tinchlikni qadrlash va jamiyatda hamjihatlikni yanada mustahkamlashni talab etishini qayd etdi.
Prezident O‘zbekistonning yo‘li tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li ekanini ta’kidlab, mamlakat bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmasligini bildirdi.
Muloqotda yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi avlod uchun yaratilayotgan ta’lim va ma’rifat imkoniyatlari ajdodlarimizning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishning muhim omili ekani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy g‘urur yoshlarni bilimli, vatanparvar va qat’iyatli insonlar etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida ulamolar qatag‘on qurbonlari hamda Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizda tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka va osoyishtalik bardavom bo‘lishini tiladilar.








