Shimoliy Kipr qirg‘oqlarida 267 kishi bo‘lgan parom ag‘darildi: 7 kishi halok bo‘ldi
Hodisa oqibatida 23 kishi bedarak yo‘qolgan.

Shimoliy Kipr qirg‘oqlarida bortida 267 kishi bo‘lgan parom ag‘darilib ketdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hodisa oqibatida 7 yo‘lovchi halok bo‘lgan. Qutqaruv ishlari davomida yo‘lovchilarning aksariyati qirg‘oqqa olib chiqilgan.
Turk-Kipr transport vaziri Erhan Ariklining Anadolu agentligiga ma’lum qilishicha, paromda 259 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Kipr turklari yetakchisi Tufan Erhurman 237 kishi tirik qutqarilganini, yetti kishi halok bo‘lganini va 23 kishi hali ham qidirilayotganini aytdi.
Xususiy parom yakshanba kuni soat 12:30 da Shimoliy Kiprning Kireniya portidan Turkiyaning Mersin viloyatidagi Tasuju portiga yo‘l olgan. Kema portdan chiqib, ko‘p o‘tmay noma’lum sababga ko‘ra suv ola boshlagan va ag‘darilib ketgan.
Hodisa Kireniya qirg‘og‘idan taxminan 4 mil, ya’ni 6,4 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Ayrim xabarlarda parom katamaran turidagi kema ekani qayd etilgan.
Qutqaruv ishlariga qirg‘oq qo‘riqlash xizmati va xususiy kemalar jalb etilgan. Qutqarilgan yo‘lovchilar Kireniya portiga olib kelingan va u yerdan shifoxonalarga yetkazilgan.
Kireniya meri Murat Shenkul CNN Türk telekanaliga bergan ma’lumotida hozirgacha paromdagi 159 nafar yo‘lovchi bilan aloqa o‘rnatilganini bildirgan.








