Hindiston va O‘zbekiston hamkorligi: iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlikning yangi ufqlari
Ikki davlat tadbirkorlari metallurgiya, farmatsevtika, agrosanoat va eksport yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirmoqda.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining ayni kunlarda O‘zbekistonga amalga oshirayotgan tashrifi har tomonlama tarixiy voqelik bo‘lishiga, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mutlaqo yangi yuksak bosqichga olib chiqishiga katta umid bog‘laymiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan ochiq, izchil va pragmatik tashqi siyosati tufayli bugun o‘zbek tadbirkorlari uchun jahon bozorlari, xususan, dunyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan Hindiston eshiklari keng ochildi.
Buning yaqqol isboti sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard dollardan oshganini ko‘rishimiz mumkin.
Yaqinda, ya’ni 2026-yil 3-avgust kuni Nyu-Dehli shahridagi nufuzli "ITC Maurya" mehmonxonasining "Kamal Mahal" zalida o‘tkazilgan Hindiston–O‘zbekiston biznes-forumida shaxsan ishtirok etib, bu yuksak ishonch va pragmatik yondashuvning amaliy natijasiga guvoh bo‘ldim.
Forum doirasida biz xorijlik hamkorlar bilan izchil muzokaralar olib bordik va Hindiston bozoriga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan osh tuzini eksport qilish bo‘yicha muhim strategik bitimlarni imzoladik. Bu o‘zbek mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligi xalqaro maydonda tan olinayotganining dalolatidir.
Metallurgiya, farmatsevtika va agrosanoat kabi sohalardagi hamkorlik ikki davlat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ma’muriy to‘siqlarning kamayayotgani va o‘zaro bozorlarga kirish soddalashtirilayotgani biz kabi tadbirkorlarni yanada faolroq bo‘lishga undamoqda.
Narendra Modining ushbu tashrifi Hindiston–O‘zbekiston biznes-forumida erishilgan kelishuvlarni hayotga to‘liq tatbiq etishga va iqtisodiy aloqalarimizni yanada mustahkamlashga kuchli turtki berishi shubhasiz.
Ilhomjon Boqijonov, tadbirkor








