O‘zbekistonda IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish rejalashtirilmagan
Tizimni to‘lovsiz shaklga o‘tkazish davlat byudjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytildi.

O‘zbekistonda 2019-yildan buyon 97,8 milliondan ortiq IMEI kodi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovni bekor qilish rejalashtirilmagan.
«Gazeta.uz»ga ko‘ra, UzIMEI tizimi operatori — Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi bo‘lim boshlig‘i Otabek Azimovning aytishicha, IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan mablag‘ soliq emas, balki tizim tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat uchun to‘lov hisoblanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tushumlar tizim faoliyatini ta’minlash, serverlarni yangilash, aloqa sohasini rivojlantirish, chekka hududlarda aloqa sifatini yaxshilash hamda xodimlar ish haqini to‘lashga yo‘naltiriladi.
Markaz matbuot xizmati boshlig‘i Axmadjon Orifjonovning ta’kidlashicha, tizimni to‘lovsiz shaklga o‘tkazish davlat byudjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlarning 95 foizi importyorlar zimmasiga tushmoqda.
Taqdim etilgan statistikaga ko‘ra, 2019-yilda tizim joriy etilgan paytda 47,6 millionta qurilma avtomatik va bepul ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Keyinchalik importyorlar 30,4 millionta, jismoniy shaxslar 19,03 millionta, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa 779 mingta qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazgan.
IMEI kodlari bo‘yicha Samsung — 35,5 million, Xiaomi — 18,1 million, Nokia — 7,7 million, Apple — 5,8 million va Huawei — 2,4 million bilan yetakchilik qilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalarning 72,5 milliontasini smartfonlar, 20,3 milliontasini esa tugmali telefonlar tashkil etadi. Bloklangan qurilmalar soni 20,1 milliontaga yetgan.
IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdan tushgan to‘lovlar 2025-yilda 694 milliard so‘mni, 2026-yil 1-avgust holatiga esa 459,6 milliard so‘mni tashkil qilgan. So‘nggi yetti yilda mobil qurilmalarni rasmiy olib kirishdan undirilgan bojxona to‘lovlari esa 5 trillion so‘mdan oshgan.
Mutasaddilar UzIMEI tizimi rasmiy import ulushining oshishiga ham ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlamoqda. Natijada O‘zbekistonda Samsung va Xiaomi’ning rasmiy do‘konlari ish boshlagan. Hozirda Apple bilan mamlakatda rasmiy do‘kon ochish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilingan.








