O'zbekiston

O‘zbekistonda doimiy aholi soni 39 milliondan oshdi

Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda statistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

O‘zbekistonda doimiy aholi soni 39 milliondan oshdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi.

 

Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etgan. Ro‘yxatga olish davomida amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritilgan.

 

Shuningdek, hududlar kesimida aholi soniga oid ma’lumotlar qayta aniqlashtirilgan. Jumladan, Jizzax viloyatida aholi soni amaldagi hisobga nisbatan 2,7 foiz, Namanganda 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam ekani aniqlangan. Toshkent tumani aholisi esa avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p ekani ma’lum bo‘lgan.

 

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi ham aniqlashtirilgan. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.

 

Jarayonlarning raqamlashtirilgani natijasida ro‘yxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming so‘mdan oshmagan. Internet orqali ro‘yxatga olish qamrovi 82,3 foizni tashkil etgan, barcha jarayonlar 15 kunda yakunlangan.

 

Ro‘yxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xo‘jaligining doimiy yangilanib boradigan statistik registrlari shakllantiriladi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta hamda qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga doir 50 ta ko‘rsatkich yangilanadi.

 

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foiz yoki 246 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Mehnat bilan band 15,2 million aholining 6,5 million nafari daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayotgan qatlam sifatida qayd etilgan.

 

Shu munosabat bilan joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi ma’qullandi. Tadbir doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkaziladi.

 

Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalar ham belgilandi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish, 2027-yil 1-iyulga qadar Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish va statistik ma’lumotlarni sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda.

 

2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettirilishi rejalashtirilgan.

 

Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

 

Prezident aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.

 

Mutasaddilarga ro‘yxatga olish natijalarini chuqur tahlil qilib, davlat dasturlarida keng qo‘llash, biznesni ro‘yxatga olish tadbirini sifatli tashkil etish va milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

custom img

Butunjahon tozalik kuni: O‘zbekistonda plogging aksiyasi o‘tkaziladi

Aksiya 19-sentyabr kuni barcha hududlarda bo‘lib o‘tadi.

custom img

202 davlat, 2 mingdan ortiq shaxmatchi: Samarqand bugun shaxmat olamini qarshi oldi

Tashkilotchilar Olimpiadani shaxmat tarixidagi eng yirik musobaqa sifatida qayd etmoqda.

custom img

Vertolyotlar orqali nazorat: 70 kg giyohvandlik o‘simliklari yo‘q qilindi

Tadbir davomida Andijon, Samarqand va Buxoro viloyatlarida marixuana saqlash hamda kannabis yetishtirish bilan bog‘liq bir nechta holat aniqlandi.

custom img

Toshkent avtobuslarida rekord: bir kunda 1,5 mln yo‘lovchi

Toshkentda 170 ta avtobus yo‘nalishi mavjud.

custom img

O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi

Aeroportda Prezident va rafiqasini Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo Chjun hamda boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

custom img

Buxorodagi reydda 211 ta jarimasi bor mashina topildi

Haydovchining 137 mln so‘mlik maʼmuriy jarimasi bo‘lgan.

custom img

“Madaniy merosning millati bo‘lmaydi”: Agentlik Alisher Qodirovning bayonotiga javob berdi

Madaniy meros agentligi Bobur ko‘chasidagi obyektning tarixiy qiymatini ta’kidlab, uni saqlash masalasida qonun va ekspertizaga tayanilishini bildirdi.

custom img

Andijonda 900 xil dori vositalari yo‘q qilindi

Maʼlum bo‘lishicha, ular belgilangan talablarga javob bermaydi va isteʼmolga yaroqsiz hisoblanadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"