O‘zbekistonda yagona bojxona to‘lovi stavkasi 30 foizdan 20 foizga tushiriladi
2027 yildan bojxona sohasidagi yangi strategiyaga ko‘ra, to‘lovlar pasaytiriladi va tadbirkorlar uchun bir qator talablar bekor qilinadi.

Prezidentning 27-avgustdagi farmoni bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi tasdiqlangan. Hujjatda bojxona jarayonlarini soddalashtirish, tadbirkorlar va jismoniy shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri yagona bojxona to‘loviga taalluqli. 2027-yil 1-yanvardan uning stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, biroq har bir kilogramm uchun kamida 2 AQSH dollari miqdorida belgilanadi. Hozirda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 30 foiz va 3 dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan tashqi savdo operatsiyalarida tadbirkorlar uchun bir qator talablar bekor qilinadi. Jumladan, tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida import qilishda xorijiy hamkor uchun oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi olib tashlangan. Eksportda esa oldindan 50 foiz tushumni taʼminlash talabi bekor qilinadi.
Tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni taʼminlash yoki akkreditiv, bank kafolati va sug‘urta polisi kabi kafolatlarni taqdim etish talabi ham bekor qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazishda namuna yetarli bo‘lmagan holatlarda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish talabi ham chiqarib tashlanadi.
Bundan tashqari, ayrim biologik aktivlar va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer hamda parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirishda ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani taqdim etish talabi bekor qilinadi.
2026-yil 1-oktabrdan xavf darajasi past bo‘lgan va faol QQS guvohnomasiga ega tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga importda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati beriladi. Eksportdagi nazorat jarayonlarini raqamlashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar 30 foizga kamaytiriladi.
2027-yil 1-yanvardan xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlar olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymatini tovar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish imkoniyati yaratiladi.
Farmonda bojxona tizimini raqamlashtirishga ham katta eʼtibor qaratilgan. 2030-yilgacha inson omilisiz amalga oshiriladigan bojxona rasmiylashtiruvi darajasini 60 foizga yetkazish, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini ikki barobar qisqartirish va bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 4,4 foizga yetkazish maqsad qilingan.








