Si Szinpin Yaqin Sharqda yangi xavfsizlik tizimini yaratishga chaqirdi
Si Szinpin Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan uchrashuvda mintaqa davlatlari o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kerakligini ta’kidladi.

Xitoy raisi Si Szinpin Misrga tashrifi chog‘ida Yaqin Sharq davlatlarini tashqi aralashuvga qarshi turish va mintaqada yangi xavfsizlik tizimini shakllantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Si Szinpinning ta’kidlashicha, Xitoy mintaqa davlatlari bilan birgalikda dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlashga tayyor. U bu masala Hormuz bo‘g‘ozi va Bob al-Mandab orqali kemalar qatnovi mojarolar sabab izdan chiqqani ortidan yanada dolzarb bo‘lganini qayd etdi.
Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan uchrashuvda tomonlar xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, ma’lumotlar markazlari, yarimo‘tkazgichlar va muhim metallar yetkazib berish zanjirlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Misr so‘nggi yillarda AQSH bilan mudofaa sohasidagi yaqin aloqalarini saqlab qolgan holda, Xitoy bilan iqtisodiy va harbiy hamkorlikni ham faol rivojlantirmoqda. Pekin esa Misrning strategik joylashuvi va mintaqadagi ta’siridan foydalanib, Yaqin Sharqdagi rolini kuchaytirishga intilmoqda.








