Kambag‘allikni qisqartirishda mas’ul rahbarlarning faoliyati tanqid qilindi
Prezident kambag‘allikni qisqartirishda ajratilgan kreditlardan samarali foydalanish va quyi tizim ishiga aniq ko‘rsatmalar berish zarurligini ta’kidladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda hududlarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha kutilgan natijalarga erishilmayotganining asosiy sabablari tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, “mahalla yettiligi” uchun mas’ul rahbarlar viloyat, tuman, shahar va mahallalardagi xodimlarga qabul qilingan qarorlarni ijro etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bermayapti.
Shuningdek, ayrim rahbarlar yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatiga xolis baho berishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tuman va mahallalarda kambag‘allik hamda ishsizlikni qisqartirishga mas’ul xodimlarda hadik mavjudligi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlik yetarli emasligi tanqid qilindi.
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 50 yillik tajribaga ega Xitoyda ham zamon talabidan kelib chiqib, quyi tizimga doimiy ravishda aniq ko‘rsatmalar berib borilishi qayd etildi.
Davlat rahbari o‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trillion so‘m resurs ajratilganini ta’kidladi.
“Lekin kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri barcha tumanda birdek sezilmayapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.








