Musulmon Yunusovning murojaati o‘rganildi
Sergeli tumanlararo TIYEK va Inson markazining masʼul rahbar hamda xodimlariga ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan keskin choralar ko‘rildi.

Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi fuqaro M. Yunusovning farzandi M. Sunnatillayevaga nogironlikni qayta belgilash bo‘yicha murojaati o‘rganildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, fuqaroning arizasi 2026-yil 18-may kuni 71-son oilaviy poliklinika tomonidan qabul qilingan va 21-may kuni Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEK) elektron yo‘llanma yuborilgan.
127-son Sergeli tumanlararo TIEK tomonidan 5-iyun kuni o‘tkazilgan ko‘rik yakunida bolaga 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bola sifatida xulosa berilgan.
Keyinchalik mazkur xulosa tasodifiy elektron qayta tekshiruvga tushgan. Samarqand viloyati TIEK eksperti tomonidan hujjatlar asosida qayta ko‘rib chiqish jarayonida parvarishga muhtojlik qismi chiqarib tashlangan va faqat 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola sifatida xulosa shakllantirilgan.
Rasmiy munosabatda qayd etilishicha, tasodifiy qayta tekshiruv natijasidagi xulosa 127-son Sergeli tumanlararo TIEK tomonidan to‘liq o‘rganilmagan.
Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, 2026-yil 3-sentabr kuni M. Sunnatillayeva qayta ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bolaning tibbiy hujjatlari va obyektiv holati qayta baholanib, unga 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bola sifatida xulosa shakllantirildi.
Fuqaroning videomurojaatida poliklinika shifokori tomonidan 300 AQSH dollari talab qilingani haqidagi holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganish olib borilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha Sergeli tumanlararo TIEK va Inson markazining mas’ul rahbarlari hamda xodimlariga nisbatan ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan keskin choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, fuqarolar chiqarilgan xulosadan norozi bo‘lgan taqdirda, bir oy ichida viloyat va shahar TIEKlariga, besh kun ichida esa Respublika TIEKga murojaat qilish imkoniyatiga ega.
Ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Nogironlik belgilash” (ENB) elektron tizimini 2026-yil yakuniga qadar integratsiya qilish rejalashtirilgan.








