Nyu-Yorkda 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlandi
Yuqori sinf o‘quvchilari uchun yiliga ikki marta sun’iy intellekt savodxonligi darslari o‘tkaziladi.

Nyu-York shahridagi davlat maktablarida boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilari uchun generativ sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishga bir yillik taqiq joriy etildi. Cheklov qariyb 600 ming nafar o‘quvchiga taalluqli bo‘ladi.
Shahar meri Zohran Mamdani ma’lum qilishicha, taqiq 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt dasturlarini qamrab oladi. Hozir maktablarda foydalanilayotgan qariyb 40 ta ta’limiy sun’iy intellekt vositasidan foydalanish to‘xtatiladi. Chatbotlardan foydalanish esa barcha sinflarda taqiqlanadi.
Yuqori sinf o‘quvchilari to‘liq taqiqdan ozod qilinadi. Ular uchun yiliga ikki marta sun’iy intellekt savodxonligi darslari o‘tkaziladi. Ayrim o‘quvchilar esa o‘qituvchi nazorati ostida tanlangan AI platformalaridan foydalaniladigan sinov dasturlarida qatnashadi.
O‘qituvchilarga darslarni rejalashtirish va jadval tuzish kabi ma’muriy vazifalarda sun’iy intellektdan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, Nyu-York maktablarida ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqt ham cheklanadi: 3–5-sinflar uchun kuniga 30 daqiqa, 6–8-sinflar uchun esa 45 daqiqagacha.
Rasmiylar taqiqni bolalarning mustaqil fikrlashi, shuningdek, o‘qituvchilar va tengdoshlari bilan yuzma-yuz muloqotini rivojlantirish zarurati bilan izohlamoqda.








