Sentabr-dekabr oylarida 350 ming odam doimiy ish bilan ta’minlanadi
Hokimlarga yil yakuniga qadar 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi yuklatildi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari shtablar faoliyatini samarali tashkil etib, yaratilgan yangi imkoniyatlardan to‘liq foydalanishi zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, sentabr-dekabr oylarida 350 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash hamda yana 1 million aholining daromadini oshirish bo‘yicha hududlar rahbarlari oldiga aniq vazifalar qo‘yiladi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilandi.
Buning uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizm va harakatlar algoritmini ishlab chiqish, mahalla darajasida mas’ullarni belgilash zarurligi qayd etildi.
Xitoy tajribasi asosida tuman va mahallalarda aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axborotlari tinglandi.








