Farg‘ona va Namanganda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi
Tezkor tadbirlar davomida jami 1,2 kilogrammdan ortiq “gashish” hamda 782 dona “Tropikamid” aniqlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirlar davomida muqaddam sudlangan 44 yoshli fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, yerto‘lasidan 782 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlangan.
Yana bir holatda fuqaroning xonadonidan 758 gramm “gashish”, giyohvandlik vositalari qoldiqlari bo‘lgan 6 dona pichoq hamda 4 dona elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Namangan viloyatida esa “Farg‘ona–Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” avtomobili Namangan tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Avtomobil salonidan 465 gramm “gashish” moddasi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








