J.D. Vens AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaroni “urush” deb hisoblamasligini aytdi
AQSh vitse-prezidentining aytishicha, hozir AQSh va Eron o‘rtasida faol otishmalar olib borilmayapti.

AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi hozirgi harbiy qarama-qarshilikni “urush” deb atashdan bosh tortdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“Men buni urush deb atamagan bo‘lardim. Hozirda faol otishma yo‘q. Ba’zi joylarda vaziyat keskinlashganini tan olaman”, — degan Vens.
Uning ta’kidlashicha, AQSh va Eron o‘rtasida hozircha muzokaralar olib borilmayapti. Vensning so‘zlariga ko‘ra, Tehron Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga hujum qilishni davom ettirar ekan, muloqotni qayta boshlash imkoniyati mavjud emas.
Vitse-prezident AQSh Eron bilan mojaroni noyabr oyidagi oraliq saylovlargacha yakunlaydimi yoki yo‘qmi, degan savolga ham aniq muddat bermagan. Uning aytishicha, Vashington sun’iy muddat belgilash niyatida emas.
Vens AQShning Eronga qarshi harbiy harakatlaridan ko‘zlangan maqsadlardan biri Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish ekanini bildirgan. Shuningdek, u tijorat kemalarini himoya qilish orqali global energetika inqirozining oldini olishga harakat qilinayotganini ta’kidlagan.
Vitse-prezident AQShda benzin narxlari qachon mojarodan oldingi darajaga qaytishini ham prognoz qilishdan bosh tortgan. U bu borada hech qanday va’da bera olmasligini ma’lum qilgan.








