Toshkentda yangi zamonaviy san’at markazi ochiladi
1912-yilda qurilgan sobiq tramvay deposi va dizel elektr stansiyasi negizida CCA Tashkent tashkil etildi.

2026-yil 6-sentabr kuni Toshkent shahrida Toshkent zamonaviy san’at markazi — CCA Tashkent o‘z faoliyatini boshlaydi.
Yangi madaniy makon bir asrdan ortiq tarixga ega bo‘lgan inshoot negizida tashkil etilgan. 1912-yilda me’mor Vilgelm Geynzelman loyihasi asosida qurilgan bino dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.
Bugungi kunda tarixiy inshootning me’moriy qiyofasi va industrial ruhini saqlab qolgan holda, u zamonaviy san’at, ta’lim, tadqiqot va madaniy muloqot markaziga aylantirildi.
Loyiha davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Markazning arxitektura konsepsiyasi Fransiyaning Studio KO byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda tarixiy meros va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashtirilgan.
CCA Tashkent tarkibida ko‘rgazma zallari, ta’lim va jamoat maydonlari, kutubxona hamda tadqiqot infratuzilmasi faoliyat yuritadi.
Markazda zamonaviy san’at ko‘rgazmalari bilan bir qatorda ma’ruzalar, kinonamoyishlar, ilmiy-tadqiqot loyihalari, munozaralar, konsertlar, performanslar va boshqa madaniy-ta’lim tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yangi markaz Toshkentning madaniy hayotini boyitish, zamonaviy san’at va ijodiy muloqot uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.








