Andijon va Farg‘onada giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi
Ikki holatda jami 470 gramm “gashish” va 482 gramm ko‘knori ashyoviy dalil sifatida olingan.

Andijonda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo'yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
DXX Chegara qo‘shinlari va Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Buloqboshi tumani hududida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtomobil to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1978 va 1985-yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaroning yonidan 470 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlangan. Tergovga qadar tekshiruvda mazkur modda qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani ma’lum bo‘lgan.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda esa Farg‘ona tumanida yashovchi, 1968-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada ushbu manzildan quritilgan holda saqlanayotgan 482 gramm ko‘knori giyohvandlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan tegishli shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








