O'zbekiston

Bir farzand uchun 752 mln so‘m: otaning daromadiga qarab aliment undirildi

Ota yuqori miqdorda ish haqi olganiga qaramay, aliment to‘lash majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan.

Bir farzand uchun 752 mln so‘m: otaning daromadiga qarab aliment undirildi



Majburiy ijro byurosining Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatiga ko‘ra, fuqaro A. F.dan voyaga yetmagan farzandi taʼminoti uchun uning daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.



Dastlab aliment mablag‘lari belgilangan tartibda undirilgan. Biroq keyinchalik qarzdor tomonidan sud hujjatida belgilangan majburiyatlar lozim darajada bajarilmayotgani aniqlangan.



Shundan so‘ng davlat ijrochilari qarzdorning daromad manbalari va moliyaviy imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tegishli idoralarga, jumladan, soliq organlariga so‘rovlar yuborgan.



Olingan maʼlumotlar asosida amalga oshirilgan qayta hisob-kitob natijasida A. F.ning aliment bo‘yicha qarzdorligi 752 044 654,49 so‘mni tashkil etgani aniqlangan. Maʼlum bo‘lishicha, qarzdor xususiy korxonadan katta miqdorda ish haqi olgan.



Qarzdorga aliment to‘lash uning nafaqat qonuniy, balki ota-onalik majburiyati ekani tushuntirilib, qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan bir necha bor ogohlantirilgan. Shunga qaramay, u majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan.



Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilib, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasi asosida zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan.



Sudda ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda A. F. vaziyatning huquqiy oqibatlarini anglab, farzandi taʼminoti uchun hisoblangan 752 mln so‘mdan ortiq aliment qarzdorligini to‘liq to‘lab bergan.



Natijada voyaga yetmagan farzand taʼminoti uchun to‘planib qolgan qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgan. Shu sababli A. F.ga nisbatan MJtKning 47-4-moddasi asosida yuritilgan ish Kodeksning 271-moddasiga asosan tugatilgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"