“Bunyodkor” stadioni qarzdorlik tufayli elektr tarmog‘idan uzib qo‘yildi
Elektr yo‘qligi sabab O‘zPFL ofisi masofadan ishlashga o‘tgan, Liga serverlari esa faoliyatini to‘xtatgan.

“Bunyodkor” stadionida elektr energiyasi uchun yuzaga kelgan qarzdorlik tufayli 4 sentyabr kuni soat 11:00 atrofida elektr taʼminoti to‘liq uzib qo‘yildi.
Mazkur holat stadion hududida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar ishiga ham taʼsir ko‘rsatgan. Xususan, O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi (O‘zPFL) ofisi vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tgan.
Liga maʼlumotiga ko‘ra, elektr taʼminotidagi uzilish serverlarning to‘liq faoliyatdan to‘xtashiga sabab bo‘lgan. Natijada Superliga va Proliga uchrashuvlarining translyatsiya jarayonida ayrim texnik qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
Maʼlum qilinishicha, rasmiy uchrashuvlar davomida Liga translyatsiya signallarini qabul qilib, ularni markazlashtirilgan tartibda turli platformalar orqali qayta uzatadi. Stadiondagi elektr taʼminoti bilan bog‘liq muammo sabab hozirda uchrashuvlar signallarini qayta uzatishda tashqi serverlardan foydalanilmoqda.
Elektr taʼminotidagi uzilish “Bunyodkor” klubi, stadion maʼmuriyati, logistika kompaniyalari va boshqa ijarachilar faoliyatiga ham taʼsir ko‘rsatgani qayd etilgan.
O‘zPFL Liga bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat qiluvchi tashkilotlar va jismoniy shaxslardan murojaatlarni info@pfl.uz elektron pochta manziliga yuborishni so‘ragan.
Elektr taʼminoti qachon to‘liq tiklanishi bo‘yicha hozircha aniq muddat maʼlum qilinmagan.








