Mayami xalqaro aeroportida Боэинг yuk samolyoti halokatga uchradi: 5 kishi halok bo‘ldi
Yuk samolyoti qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, avtomobillarga urilgan.

AQSHning Mayami shahridagi xalqaro aeroportda Amazon Air yuk samolyoti qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, bir nechta transport vositasiga urildi va yong‘in yuzaga keldi. Hodisa oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda NBC Miami xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Puerto-Rikodagi Luis Muñoz Marín xalqaro aeroportidan parvoz qilgan Boeing 767-300F yuk samolyoti Mayami xalqaro aeroportiga qo‘nish vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, aeroport yaqinidagi avtoturargohda turgan avtomobillarga urilgan.
Hodisa oqibatida yana 5 kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlarning uch nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan. Samolyotning ikki uchuvchisi ham qutqaruvchilar tomonidan olib chiqilib, shifoxonaga yetkazilgan.
Voqea joyiga 60 dan ortiq yong‘in-qutqaruv guruhi va qariyb 200 nafar favqulodda xizmatlar xodimi jalb etilgan. Qutqaruv ishlari bilan bir qatorda, yoqilg‘i sizib chiqishi oqibatlarini bartaraf etish choralari ham ko‘rilgan.
Hodisadan so‘ng aeroportdagi barcha uchish-qo‘nish yo‘laklari vaqtincha yopilgan. Keyinchalik ulardan ikkitasi qayta ochilgan bo‘lsa-da, ayrim reyslarda kechikishlar va bekor qilishlar kuzatilgan.
AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi hodisa sabablarini aniqlash uchun tergovchilar guruhini Mayamiga yuborgan. Amazon, 21 Air vа Boeing kompaniyalari halok bo‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirib, tergovga hamkorlik qilishlarini maʼlum qilgan.
Hozirda aviahalokatning aniq sabablari o‘rganilmoqda.








