Psixotrop dori sotayotgan feldsher qo‘lga tushdi
Toshkent va Qashqadaryoda qiymati 400 million so‘mdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.

Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida qiymati 400 million so‘mdan ortiq bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departament va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida Qarshi shahri Qorliqbog‘ot mahallasida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Kasbi tumani tez tibbiy yordam stansiyasi feldsheri fuqaroga uch turdagi 200 dona psixotrop dori vositasini 15 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan tabletkalar tarkibida 18 gramm kuchli ta’sir qiluvchi modda mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Departament va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro xaridorga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 295 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Undan umumiy qiymati 388,3 million so‘mlik 1 156 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








