Toshkentda maktab o‘quvchilari ommaviy janjallashdi
Holat yuzasidan ularning ota-onalariga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Joriy yilning 7 sentyabr kuni soat 13:20 larda Yunusobod tumanidagi umumtaʼlim maktabi o‘quvchilari darsdan so‘ng uylariga qaytayotgan vaqtda Shoshtepa mahallasidagi ko‘p qavatli uylar oldida o‘zaro tortishib qolgan.
Toshkent shahar IIBB maʼlum qilishicha, 2009 yilda tug‘ilgan I.Z., F.F., U.B. hamda 2011 yilda tug‘ilgan N.Y. ismli voyaga yetmaganlar o‘rtasida janjal yuzaga kelib, jamoat tartibi buzilgan. Voqea joyida bo‘lgan maktabning boshqa o‘quvchilari ularga aralashib, vaziyatni tinchlantirgan va janjalning jiddiy tus olishiga yo‘l qo‘ymagan.
Holat yuzasidan voyaga yetmaganlar tahsil olayotgan maktabda tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Mahkam Vafoyev ishtirokida o‘quvchilar, ularning ota-onalari va maktab rahbariyati bilan muhokama o‘tkazilgan.
Muhokama yakuniga ko‘ra, jamoat tartibini buzgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi — «Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik» asosida maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.








