Diplomatiyaga qabul tartibi qayta ko‘rib chiqiladi
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining maʼlum qilishicha, bu yil diplomatiya yo‘nalishida 550 ta o‘rin uchun 3 200 nafar abituriyent 189 ball to‘plagan.

Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov diplomatiya yo‘nalishiga qabul jarayonida kelgusida o‘zgarishlar kutilayotganini ma’lum qildi.
Uningning aytishicha, bu yil diplomatiya yo‘nalishida 550 ta o‘rin uchun 3 200 nafar abituriyent 189 ball to‘plagan. Yuqori natija qayd etgan abituriyentlar sonining ko‘pligi qabul jarayonini qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirgan.
“Har bir yo‘nalishning spetsifikasi va o‘ziga xosligidan kelib chiqib, qo‘shimcha test bo‘ladimi yoki imtihonlarning murakkablik darajasi qayta ko‘rib chiqiladimi — buni hozir o‘ylayapmiz”, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Vazirning ta’kidlashicha, sertifikat bilan yuqori natija ko‘rsatayotgan abituriyentlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Shu sababli diplomatiya yo‘nalishiga qabul tartibiga kelgusi yildan o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda.








