Meros talashgan amakivachchalarni MIB yarashtirdi
Davlat ijrochisi orqali ularning haqlari unidirilib, qarindoshlar o‘zaro murosaga kelishgan.

Meros masalasi baʼzan eng yaqin insonlarni ham bir-biridan uzoqlashtirib qo‘yadi. Farg‘ona shahridagi bu voqea ham shunday boshlangan edi.
Bir oilada amakivachchalarga meros qoladi. Ikki nafar amakivachcha merosni bo‘lib olib, uchinchi amakivachcha — amakisining qizining ham qonuniy ulushi borligini eʼtibordan chetda qoldirishadi.
O‘z haqini ololmagan qiz esa sudga murojaat qiladi. Sudning hal qiluv qarori Farg‘ona shahar Majburiy ijro byurosi bo‘limiga kelib tushgach, davlat ijrochisi ishga kirishadi.
Bu yerda masala oddiy pul undirish emas edi. Gap bir oiladagi yaqin qarindoshlar haqida ketar, shuning uchun davlat ijrochisi taraflar bilan suhbatlashib, har birining haq-huquqini tushuntirib, ularni murosaga chaqirdi.
Natijada ikki nafar amakivachchadan har biridan 189 million so‘mdan, jami 378 million so‘m mablag‘ undirilib, uchinchi amakivachcha — amakisining qiziga tegishli meros ulushi to‘liq olib berildi.
Eng quvonarlisi, ish faqat pulni undirish bilan tugamadi. Qarindoshlar o‘rtasidagi kelishmovchilik ham bartaraf etildi.







