Tez yordam mashinasiga yo‘l bermagan BYD haydovchisiga chora ko‘rildi
Haydovchi signalni avtomobil oynalari yopiq, konditsioner va musiqa yoqilgani sababli eshitmaganini ma’lum qilgan.

Toshkentda sirena va maxsus chiroq moslamalari yoqilgan tez yordam avtomobiliga yo‘l bermagan BYD haydovchisiga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
8-sentabr kuni mazkur holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Videoda tez yordam avtomobilidagi xodimlar haydovchidan yo‘l berishni bir necha bor so‘raganiga qaramay, BYD haydovchisi harakatini davom ettirgani aks etgan.
Poytaxt YHXB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan haydovchining shaxsi aniqlanib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Haydovchi holat qasddan sodir etilmaganini, avtomobil oynalari yopiq bo‘lgani, konditsioner va musiqa yoqilgani sababli tez yordam signalini eshitmaganini bildirgan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.








