Toshkentda internet-narkomagazinida “zakladchik” bo‘lib ishlagan talabalar ushlandi
Tezkor tadbirlarda 14 nafar shaxs qo‘lga olinib, ulardan 2,5 kg alfa-PVP protsessual tartibda musodara qilindi.

Toshkent shahrining bir qator tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida internet orqali narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan 14 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular orasida ikki nafar oliy ta’lim muassasasi talabasi ham borligi aniqlangan.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot, Bektemir va boshqa tumanlarda tezkor tadbirlar o‘tkazgan.
Tadbirlar davomida 2005-yilda tug‘ilgan oliy ta’lim muassasasining 3-bosqich talabasi internet-narkomagazinda narkotik moddalarni yashirin joylarga joylashtirib ketuvchi shaxs sifatida faoliyat yuritgani aniqlangan. Yangihayot tumanida uning boshqaruvidagi avtomobil tekshirilganda, salonga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP topilgan.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida 2007-yilda tug‘ilgan 2-bosqich talabasi ham qo‘lga olingan. Uning yonidan bolalar sepmasi ko‘rinishida yashirilgan 263 gramm alfa-PVP aniqlangan. Keyingi tekshiruvlarda uning ham internet-narkomagazin bilan bog‘liq faoliyat yuritgani ma’lum bo‘lgan.
Yangihayot tumanida yana uch nafar shaxs qo‘lga olinib, ular internet-narkomagazin kuratori tomonidan yuborilgan lokatsiyalar asosida yashirin joylardan narkotik moddalarni olib ketgani aniqlangan.
Tezkor tadbirlarning xalqaro yo‘nalishi doirasida jinoiy tashkilot rahbarlaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlanib, o‘sha davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Jami 14 nafar shaxs transmilliy jinoiy tashkilotda turli vazifalarni bajargani aniqlangan. Ulardan protsessual tartibda 2 kilogramm 500 gramm alfa-PVP musodara qilingan. Mazkur miqdor 71 ming 433 iste’mol dozasiga teng ekani qayd etilgan.
Holat yuzasidan barcha gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.








