Uy konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzgan mulkdorga 22 million so‘m jarima solindi
Yashnobod tumanida ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uyda tayanch va to‘siq konstruksiyalarini buzib, rekonstruksiya hamda qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirgan mulkdor jarimaga tortildi.

Toshkent shahar hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan “Aviasozlar” mahallasida yashovchi mulkdorlarning murojaati o‘rganilgan. Tekshiruv davomida ko‘p kvartirali uy mulkdori tomonidan amaldagi talablarga zid ravishda qayta rejalashtirish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgani aniqlangan.
Xususan, mulkdor tomonidan ko‘p kvartirali uyning to‘siq va tayanch konstruksiyalari buzilgani maʼlum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uylarda qayta rejalashtirish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish Prezidentning 2026 yil 4 iyundagi PF-104-sonli farmoni bilan taqiqlangan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ko‘p kvartirali uylarda tayanch va to‘siq konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzish binoning mustahkamligi va seysmik barqarorligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan mulkdorga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi 3-qismiga asosan BHMning 50 baravari miqdorida jarima solingan. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzarlikni belgilangan muddatda bartaraf etish va binoni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan.
Mulkdor ko‘rsatma talablarini belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda, tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritilishi haqida ogohlantirilgan.








